Ona tili va adabiyot fanidan yangi namunadagi savollar asosida shakllantirilgan mazkur to‘plam bu yo‘nalishdagi dastlabki ko‘p variantli kitob sanaladi. Kitobdagi test topshiriqlari BMBA standartlariga tayanngan holda shakllantirildi va tartiblandi. Shuningdek, o‘qish va yozish savodxonligi bilan bog‘liq savollarda yangi namunadagi matnlardan foydalanildi. Oxirgi imtihonda (29.10.2023) qo‘llanilgan tartibdagi imlo, leksik tahlil, morfemika, morfologiya, sintaksis va til birliklari uslubiyati bo‘yicha yangilangan savollar ham to‘plamdan joy olgan.
Testlarda mavzu ko‘lamdorligiga qat’iy rioya qilingan. O‘zbek mumtoz ijodkorlari bilan bir qatorda zamonaviy adib va shoirlar ijodiga ham murojaat qilingan. Kitobda tilshunoslik nazariyasi, adabiyot nazariyasi, o‘qish savodxonligi, lingvistika va badiiy tahlil, yozma savodxonlik bo‘limlari bo‘yicha eng dolzarb materiallar qamrab olingan. Mazkur test topshiriqlarini shakllantirishda navbatdagi Milliy sertifikat imtihonlarida tushish ehtimoli bo‘lgan ilmiy-ommabop va badiiy matnlardan (hikoya, g‘azal va qit’a) ham samarali foydalanildi.
Demak, sizda yangi imtihonga tayyorgarlik ko‘rish uchun 20 xil namunadagi test bilan ishlash imkoniyati mavjud. Bu esa 20 xilidagi ilmiy-ommabop, nasriy asar, g‘azal, qit’a matnlari ustida ishlash va tahlil qilish ko‘nikmasini egallash deganidir.
Ushbu qo‘llanma Milliy sertifikat imtihonlarida eng yuqori natijalarni ko‘zlayotgan filologiya sohasi mutaxassislari, ona tili va adabiyot hamda boshlang‘ich ta’lim ustozlari, shuningdek, talaba, o‘quvchi va abituriyentlar uchun mo‘ljallangan. Kitob bevosita shu yo‘nalishda ta’lim berayotgan repetitor-testolog ustozlar uchun ham mukammal manba bo‘la oladi.
Kitob yakunida test topshiriqlari javoblari ham havola etilgan bo‘lib, hech bir muammosiz o‘zingizning yoki shogirdlaringizning natijasini nazorat qilib bora olasiz.
Ona tili va adabiyot fanidan tuzilgan pishiq testlari bilan butun respublikaga tanilib ulgurgan repetitor-testolog – Akbarali Boymirzayevning mazkur kitobidagi test topshiriqlarini tahlil qilish asosida Siz nafaqat Milliy sertifikat imtihonida, balki OTM va attestatsiya imtihonlarida ham yuqori natijaga erisha olishingiz mumkin.