Barchamiz Afrika qabilalari, ularning hayot tarzi, qit‘adagi mustamlakachilik davri va uning oqibatlari, quldorlik davri haqida qayerdadir eshitganmiz, o‘qiganmiz yoki ko‘rganmiz.
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Abdurazzoq Gurnaning “Jannat” romani inglizlar mustamlaka Afrikada mahalliy aholini o‘z yerlaridan haydab chiqarayotgan va nemislar butun qit‘a bo‘ylab temiryo‘l qurishni rejalashtirayotgan davrdagi voqealar asosida yozilgan.

Romandagi barcha voqealar bosh qahramon, 12 yoshida otasining qarzi uchun qullikka berib yuborilgan afrikalik bolakay Yusufning tilidan hikoya qilinadi.
Asarni o‘qir ekansiz, undagi voqealar sizni o‘ziga ohanrabodek torta boshlaydi. Chunki yuqorida aytganimiz, siz-u biz Afrika haqida eshitganlarimiz romanda aslidek qilib tasvirlab berilgan.

12 yoshida otasining qarzi uchun o'zi "amaki" deb yurgan insonga qullikka berib yuborilgan Yusuf dastlab ushbu savdogarning do'konidagi ishlarni bajarib yuradi. So'ngra uning karvoni bilan birga butun qit'a bo'ylab sayohat qilib chiqadi. Asarda Afrika qabilalaridagi hayot, turli urushlar, qullik va erkinlik masalalari sayohat davomida qahramon bolakay - Yusufning tilidan hikoya qilib beriladi.
Yusufning sayohatlari, uning bolalarcha sevgisi yoki qabilalarning hayoti deysizmi - barcha-barchasi sizda ayni davrda, ular bilan birga yashayotgandek taassurot uyg'otadi. Asarni o'qish bilan birga undagi voqealarda yashay boshlaysiz. Har bir jarayonni ko'z oldingizda ayni damda sodir bo'layotgandek his qilasiz.

Bir so'z bilan aytganda, "Jannat" intellektual nasriy asarlarni sevuvchi insonlarning eng sevimli kitoblaridan biriga aylanadi.
Kitobni tayyorlashda tarjimon, muharrir va korrektorlardan iborat mutaxassislar jamoasi ishlagan. Matn sakkiz bosqichli sifat nazoratidan oʻtgan va fleksibl muqovada chop etilgan.